Ishtirok etish

Demo Day kuni

OAV uchun

27/03/21


JustStart akseleratsiya dasturining «Demo Day» kunida
34 jamoa o’z startap loyihalarini namoyish etadi

30-mart kuni Andijon shahridagi Digital City texnoparkida O’zbekiston yoshlar ishlari agentligi va BMTning «Farg’ona vodiysi yoshlarining ijtimoiy uyg‘unligi» qo’shma dasturi doirasida tashkil etilgan JustStart startap akseleratsiya dasturining “Demo day” kuni rejalashtirilgan bo’lib, unda 4 oylik akseleratsiya dasturida ishtirok etgan yoshlarning startap loyihalari taqdimoti o’tkaziladi.

Ushbu dastur Fargʻona vodiysidagi 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan shaxslarning oʻz bizneslarini boshlashlari va tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishlarida nazariy va amaliy yordam koʻrsatishga moʻljallangan. O’tkazilgan onlayn taʼlim va treninglar orqali Fargʻona vodiysida axborot texnologiyalari (IT), fan, ekologiya, qishloq xoʻjaligi, xotin-qizlar tadbirkorligi sohasida innovatsion loyihalarni tayyorlashda amaliy yordam koʻrsatildi.

To‘rt oy davom etgan JustStart dasturida ishtirokchilar kichik biznes bozorini o’rganishdi, marketing va strategik rejalashtirish asoslari, moliyaviy va huquqiy savodxonligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishdi. Biznes g’oyani startap loyihaga aylantirish davrida Lean Startup, Speed ​​Mentoring, Mock Sales nima ekanligini bilib olib, tashabbus asosida loyihani ishlab chiqish va prototip – minimal hayotiy mahsulot (MVP) bo’yicha tajriba orttirdilar. Bunda ularga buxgalteriya hisobi va audit, soliq bo‘yicha konsalting va moliyaviy tahlil, xalqaro va tijorat huquqi, iste’molchilar bilan ishlash, startap-tashabbuslarni ishlab chiqish va g‘oyalarni shakllantirish usullari bo‘yicha xalqaro tajribaga ega murabbiylar tomonidan onlayn mashg’ulotlar o‘tkazildi. Qo’shimcha ravishda Art (badiiy) terapiya hamda yetakchilik ko’nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan motivatsion darslar tashkil etildi.

Bundan tashqari, akseleratsiya dasturi doirasida ishtirokchilarga onlayn ravishda ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurish, O’zbekistonning taniqli tadbirkorlari va mutaxassislaridan boshlang’ich loyihalarini takomillashtirish bo’yicha amaliy maslahatlar olish va o‘zlarini qiziqtirgan mavzulari bo‘yicha suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Akseleratsiya dasturida qatnashish uchun yuborilgan 268 ta arizadan 85 tasi Andijon viloyati yoshlaridan, 117 tasi Farg’ona viloyatidan va 66 tasi Namangan viloyati yoshlaridan kelib tushgan. Yakuniy bosqichgacha yetib kelgan 83 ishtirokchining 23 nafarini qizlar tashkil etadi. Eng muvaffaqiyatli 34 jamoa final bosqichida qatnashish va o’z loyihalarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo’lishdi.

Tadbir oflayn va onlayn tarzda bo’lib o’tadi, unda finalgacha yetib kelgan ishtirokchilar o’z biznes loyihalarini tajribali tadbirkorlar, manfaatdor korxona vakillari, startap va innovatsiyalar bo’yicha malakali mutaxassislardan iborat hakamlar hay’atiga taqdim etishadi. Eng yaxshi 10 ta loyihaga startaplarni amalga oshirish uchun BMTning Tinchlikni mustahkamlash jamg’armasi tomonidan 5000 AQSh dollarigacha beg‘araz grant mablag’lari taqdim etiladi.